Nurota

Nurota - Jizzaxdan Navoiygacha va Qizilqum cho’ligacha yuzlab kilometrlarga cho’zilgan Nurota tog’lari etaklarida kichik shaharcha – Nurota joylashgan. Bu Navoiy viloyatidagi eng tog’li mintaqaning ma’muriy va madaniy markazi bo’lib, Samarqanddan deyarli 200 km uzoqlikda joylashgan.

Nurota Oʻzbekistonning qadimgi shaharlaridan biri. Shahar dastlab X asrda Narshaxiyning Buxoro tarixi asarida Nur shaklida (shu yerdagi mashhur Nur chashmasi nomidan) tilga olingan. Mahalliy rivoyatlarda shaharning paydo boʻlishi Iskandar Maqduniy davriga borib taqaladi. Keyinchalik shahar bu yerda yashab oʻtgan mashhur Shayx Abulhasan Nuriy (XII asr) sharafiga Nurota deb atala boshlagan

Nurotada antik davrda qurilgan Nur qalʼasi qoldiklari (uni Iskandariya, Iskandar qalʼasi ham deyishgan), Pirosta mudofaa devori qoldiqlari va qadimgi korizlar sistemasi (taxminan miloddan avvalgi IV—III-asrlar), Chilustun jome masjidi (XIX asr —-XX asr boshlari), Katta Gumbaz masjidi (1582—1590-yillar), Sayidota, Oqmasjid, Bargsoʻz masjidlari (XIX asr oxiri — XX asr boshlari), Sudur Bobo hammomi (1928-yil) kabi meʼmoriy va tarixiy yodgorliklar saqlanib qolgan. Shaharda Mozori Sang Andoz (Paxlavon Ahmad Zamjoi), Shoiris (Bibisitam Tagalbos), Mozori bandikusho (Hoji Burhoniddin Jarroh), Chilla mozor (Xoja Ubaydullo Jarroh), qadimgi Nur chashmasi kabi ziyoratgohlar mavjud.